Otabek Umarov Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti etib saylandi

Otabek Umarov Osiyo olimpiya kengashi vitse-prezidenti etib saylandi

 

Seshanba kuni Osiyo Olimpiya Kengashi (OOK) Bosh Assambleyasi arafasida Ijroiya qo’mitasining yig’ilishi bo’lib o’tdi, unda tashkilotning yangi rahbariyati va Ijroiya qo’mitasi a’zolari saylandi. Bu haqda O’zbekiston MOQ matbuot xizmati xabar berdi.

OOK Konstitutsiyasiga koʻra (qoidalarni qoʻllash, 71- va 76-moddalariga asosan) 5ta yirik kompleks musobaqalarga mezbonlik qiluvchi mamlakatlar OOK vitse-prezidenti lavozimiga oʻz nomzodini koʻrsatish huquqiga ega boʻlishi qayd etilgan. Shunga muvofiq, Oʻzbekiston 2025-yilgi IV yoshlar Osiyo oʻyinlarini qabul qilishi tufayli birinchi marta oʻz vakilini shu lavozimga taklif etish imkoniga ega boʻldi.

Osiyo Olimpiya Kengashi Ijroiya qo’mitasining kechagi yig’ilishida OOK vitse-prezidenti lavozimiga Otabek Umarov nomzodi bir ovozdan ma’qullandi.

“Avvalambor, menga bildirilgan yuksak ishonch uchun barchaga minnatdorlik bildiraman. Bunday nufuzli tashkilotda mamlakatimiz manfaatlarini himoya qilish, qitʼada olimpiya harakatini rivojlantirishga hissa qoʻshish men uchun sharaf. Toshkentda oʻtadigan 2025-yilgi IV yoshlar Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish Yangi Oʻzbekiston uchun jahon hamjamiyati oldidagi jiddiy sinovlardan biri. Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan ushbu musobaqani yuqori saviyada tashkil qilishga bor kuch va gʻayratimizni ishga solamiz», – dedi Otabek Umarov.

Eslatib o’tamiz, 16 dekabrda Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi Bosh Assambleyasi bo’lib o’tadi. Ushbu tadbirda OOK va Oʻzbekiston tomoni oʻrtasida 2025-yil yoshlar Osiyo oʻyinlarini Toshkentda oʻtkazish boʻyicha shartnoma imzolash marosimi boʻlib oʻtadi.

OOK Bosh Assambleyasi yigʻilishida Oʻzbekiston nomidan Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Milliy Olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, Toshkent-2025 IV yoshlar Osiyo oʻyinlari direktori, MOQ Bosh Kotibi Oybek Kasimov, MOQ raisi o’rinbosarlari  Saken Po’latov va Azizjon Kamilov, maslahatchilar Iskandar Shadiev va Sherzod Asatullaevlar ishtirok etishadi.

 

Manbaa: uznews.uz




Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan