O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi 29 yoshda!

O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi 29 yoshda!

O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi 29 yoshda!

Olimpiya o’yinlari insoniyat tarixida kashf qilingan eng ajoyib ixtirolardan biridir. Bu orqali sayyoramizdagi millatlar va elatlar, dunyo ahli bir maqsad ostida birlashadilar. Xalqaro Olimpiya qo’mitasi shafeligida faoliyat olib borayotgan barcha mamlakatlardagi Olimpiya qo’mitalari o’z yurti va sha’ni uchun jahon arenalarida raqobat olib bormoqda. Shu jumladan, O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi ham.

Bugun 2021 yil 21 yanvar O’zbekiston Milliy Olimpiya qo’mitasi tashkil etilganiga 29 yil to’ldi. 1993 yilning sentyabr oyida Xalqaro Olimpiya qo’mitasining 101-Sessiyasida O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi XOQ tomonidan rasman tan olingan va shundan so’ng tashkilot xalqaro maydonda faoliyat olib borish imkoniyatiga ega bo’lgan. Shu kundan e’tiboran, O’zbekiston muntazam ravishda yozgi va qishki Olimpiya o’yinlarida qatnashib kelmoqda.

MOQ bugun mamlakatimizda sog’lom turmush tarzini targ’ib qilish, jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, olimpimizning pok va ezgu g’oyalarini ilgari surish yo’lida keng ko’lamda ish olib bormoqda. Bundan tashqari, xalqaro aloqalarni mustahkamlab, nufuzli sport tashkilotlari, yetakchi sport derjavalari bilan keng qamrovli hamkorlikni yo’lga qo’ygan.

Ortda qolgan vaqt mobaynida O’zbekiston delegatsiyasi 7 ta qishki va 6 ta yozgi Olimpiya o’yinlarida 10 ta oltin, 7 ta kumush va 18 ta bronza medallarini qo’lga kiritdi. Milliy olimpiya qo’mitasi xalqaro arenalarda, kompleks musobaqalarda muvaffaqiyatga erishish uchun Jismoniy tarbiya va sport vazirligi, sport federatsiyalari va assotsiatsiyalari bilan hamjihatlikda ish olib bormoqda. Tashkilot tomonidan Tokio-2020 Olimpiya va Paralimpiya o’yinlariga muhtaram Prezidentimiz bergan ko’rsatmalar asosida tayyorgarlik olib borilmoqda. Litsenzion musobaqalarga hozirlik ko’rayotgan terma jamoalarimizning xorijiy o’quv-mashg’ulot yig’inlarida ishtirok etishi uchun imkoniyat yaratilmoqda.

O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi kelajakda, xususan, Tokioda bo’lib o’tadigan Olimpiya o’yinlarida ham jonajon vatanimiz sha’nini munosib himoya qilib, yorqin g’alabalar bilan xalqimiz va muhtaram Prezidentimizni xursand qilishga va’da beradi.

Fursatdan foydalanib, bugungi bayram munosabati bilan sport turlari bo’yicha federatsiya va assotsiatsiyalarni, terma jamoalarimizni, olimpiyachilarimizni va ularni tarbiyalayotgan jonkuyar murabbiylarimizni, o’zbek sportining ashaddiy muxlislarini samimiy muborakbod etamiz.

O’zaro hamkorlikda minnatdormiz, yurtimiz sportining aziz jonkuyarlari, O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi har biringizni yuksak qadrlaydi va hurmat qiladi.

Manbaa: olympic.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan