2025-yilgi yoshlar oʻrtasida IV Osiyo oʻyinlarini Toshkent qabul qiladi, Doxa esa 2030-yilgi yozgi Osiyo oʻyinlari mezboni

2025-yilgi yoshlar oʻrtasida IV Osiyo oʻyinlarini Toshkent qabul qiladi, Doxa esa 2030-yilgi yozgi Osiyo oʻyinlari mezboni

O’monning Maskat shahrida Osiyo Olimpiya Kengashi OOKning navbatdagi Bosh Assambleyasi o’z ishini yakunlamoqda.  Qit’amizda Olimpiya harakatining yaqin va istiqboldagi kelajagi, rejalari belgilab olinayotgan mazkur tadbirda o’zbek sporti uchun ham unutilmas voqealiklardan biri sodir bo’ldi.

15 dekabrda hamyurtimiz Otabek Umarov OOKning Vitse-prezidenti etib saylangan edi. 16 dekabrda esa hamyurtimiz Bosh Assambleyada rasman OOKning rahbariyati qatoridan joy oldi.

Kun tartibidan oʻrin olgan biz uchun muhim masalalardan biri – bu 2025-yilgi yoshlar oʻrtasida IV Osiyo oʻyinlari mezboni va OOK oʻrtasida shartnoma imzolanishi edi.

Assambleyada Toshkent shahrining 2025-yilda boʻladigan IV yoshlar Osiyo oʻyinlarini qabul qilishi rasman tasdiqlandi. Shundan soʻng Oʻzbekiston hamda OOK oʻrtasida musobaqaning oʻtkazilishi borasida shartnoma imzolandi.

Tadbirda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, Oʻzbekiston Milliy olimpiya qoʻmitasi raisi Rustam Shoabdurahmonov, MOQ Bosh kotibi, “Toshkent-2025” IV yoshlar Osiyo oʻyinlari direktori, O’zbekiston regbi Federatsiyasi Vitse-prezidenti Oybek Kasimov, hamda Qoʻmitaning rais oʻrinbosarlari va maslahatchilari, Toshkent shahar hokimligi vakillari qatnashdi.

Shuningdek, Assambleyada 2030-yilgi Osiyo oʻyinlari mezboni ham aniqlandi. Ushbu nufuzli musobaqa mezbonligi uchun Qatarning Doxa hamda Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shaharlari kurash olib borishayotgan edi. Hal qiluvchi ovoz berish jarayonida qatarliklar gʻolib chiqishdi va 2030-yilgi qitʼamizning eng nufuzli sport musobaqasi mezbonligini qoʻlga kiritdi. Oʻz navbatida Ar-Riyod 2034-yilgi Osiyo oʻyinlarini qabul qiladigan boʻldi.

Toshkentning 2025-yilgi yoshlar Osiyo oʻyinlarini qabul qilishi yuzasidan tuzilgan shartnomaga OOK prezidenti Shayx Ahmad Ah Fahad Al Sabax, OOK vitse-prezidenti Otabek Umarov, Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, MOQ raisi Rustam Shoabdurahmonov hamda Toshkent shahar hokimligi vakili Izzatbek Joʻrayev imzo chekishdi.

Toshkent-2025 yoshlar oʻrtasidagi IV Osiyo oʻyinlari Yangi Oʻzbekistonning qay darajada rivoj topayotganini jahon hamjamiyatiga koʻrsatish uchun qulay imkoniyatdir. Ushbu musobaqa davomida yurtimizga 5000 nafardan ziyod mehmon kelishi kutilmoqda. Bu esa oʻz navbatida zimmamizga ulkan masʼuliyat yuklaydi. Prezidetimizning yuksak eʼtibori, Hukumatimizning qoʻllab-quvvatlashi bilan mazkur yirik kompleks musobaqa yurtimizda yuqori saviyada tashkil etilishiga ishonamiz.



Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan