Angrenda o‘g‘il-qizlar o‘rtasida regbi-7 bo‘yicha U20 Osiyo chempionati bo‘lib o‘tadi
5-6 noyabr kunlari Angren shahri markaziy stadionida (Kimyogar) regbi-7 bo’yicha Osiyo chempionati bahslari bo’lib o’tadi. Chempionat 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il-qizlar o‘rtasida o‘tkazilmoqda. Chempionatda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Malayziya, Tailand, Birlashgan Arab Amirliklari, Taypey, Hindiston va O‘zbekiston terma jamoalari ishtirok etadi. Jami 8 ta erkaklar va 5 ta ayollar jamoasi ishtirok etadi.
Ayni paytda O‘zbekistonning regbi-7 terma jamoalari murabbiylar Yegor Lebed va Pavel Ivanovlar boshchiligida Yangiobod respublika o‘quv-mashg‘ulot bazasida yig‘in o‘tkazmoqda. O’yinchilar taktik va texnik ko’nikmalarni ustida ishlashmoqda, jismoniy chidamlilik darajasini oshirib, akklimatizatsiyadan o’tmoqdalar.
Chempionat ishtirokchilari 1 noyabrdan boshlab tashrif buyurishadi. Birinchi bo’lib Hindistondan qizlar jamoasi keladi.
O‘tgan yili O‘zbekistonda regbi-7 bo‘yicha 18 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida Osiyo chempionati bo‘lib o‘tgan edi.