Yoshlar bilan ishlash va sport infratuzilmasini yaxshilash bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar siyosati va sportni rivojlantirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ma’muriy islohotlarga muvofiq, Yoshlar siyosati va sport vazirligi tuzilgan edi. Taqdimotda bu sohalarda davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish va ularni rivojlantirishga doir chora-tadbirlar belgilandi.
Yangi tizimga ko‘ra, yoshlar o‘rtasida festival, forum, tanlov va boshqa madaniy-ma’rifiy tadbirlarni yagona yillik kalendar reja asosida o‘tkazish joriy qilinadi va bu bo‘yicha ma’lumotlar yoshlarportali.uz yagona elektron platformasiga joylashtirib boriladi. “Yoshlar daftari” orqali taqdim etiladigan ijtimoiy-iqtisodiy xizmat turlari 2023-2024-yillarda 1,5 barobargacha oshiriladi.
Yoshlar siyosati va sport vazirligi tarkibidagi 3 ta davlat unitar korxonasi faoliyati maqbullashtirilib, ularning funksiyasi xususiy sektorga o‘tkaziladi.
Davlat budjeti mablag‘laridan samarali foydalanish maqsadida sohadagi 24 ta yo‘nalishni qamrab olgan “ERP Sport” yagona elektron boshqaruv tizimi ishga tushiriladi.
Sohani raqamlashtirish va sport turizmini rivojlantirishga ham katta e’tibor qaratilmoqda. Xususan, kelgusi yildan boshlab musobaqalarda qatnashadigan sportchilarning shaxsi va malakasini identifikatsiya kartalari orqali aniqlash tartibi joriy etiladi. Sportga homiylik ko‘rsatgan jismoniy shaxslarga chet ellardagi turnirlarda ishtirok etish imkoniyati beriladi. Buning uchun ular o‘rtasida lotereya o‘yinlari o‘tkaziladi.
Soha vakillarini qo‘shimcha rag‘batlantirish maqsadida Yoshlar siyosati va sport vazirligining stipendiyasi joriy etilmoqda. Shuningdek, sportchilarga huquqiy, tibbiy xizmatlar ko‘rsatish tadbirlari ham nazarda tutilmoqda.
Yurtimizda futbol eng ommaviy sport turi. Shu bois bu yo‘nalishni rivojlantirish masalasiga alohida to‘xtalib o‘tildi. FIFAning maxsus dasturi asosida bog‘cha va mahallalarda “Ommaviy futbol”, o‘rta ta’limda “Maktablarda futbol” hamda oliy o‘quv yurtlarida “Talabalar ligasi” dasturlarini joriy qilish taklifi bildirildi.
Iqtidorli futbolchilarni tanlash va tayyorlashning uzviyligini ta’minlash maqsadida O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi huzurida 14 ta futbol maktabi, “Do‘stlik” stadioni negizida barcha yosh toifalari uchun Terma jamoalar markazi tashkil etiladi. Futbol bo‘yicha mutaxassislarni tayyorlash markazi faoliyati takomillashtirilib, Xorvatiya, Yaponiya va boshqa davlatlardan mutaxassislar jalb qilinadi.
Soha infratuzilmasini rivojlantirish uchun O‘zbekiston futbolini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi tuziladi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahri hokimlari hududiy futbol assotsiatsiyalarining rahbarlari etib belgilanadi.
Davlatimiz rahbari bu takliflarni qo‘llab-quvvatlab, ularni samarali amalga oshirish yuzasidan ko‘rsatmalar berdi.
Manba: president.uz