Buxoro davlat pedagogika institutida uchrashuv
15-may kuni Buxoro davlat pedagogika instituti Jismoniy tarbiya fakulteti dekani va professor-o‘qituvchilari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda Jismoniy tarbiya fakulteti dekani professor Mehriddin Abdullayev, o‘quv ishlari bo‘yicha dekan o‘rinbosari Bexruz Hamroyev, Jismoniy tarbiya va sport kafedrasi mudiri Alisher Ibragimov, BuxDU “Sport faoliyati” kafedrasi dotsenti Manuchahr Ibragimov, “Jismoniy madaniyat nazariyasi va metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi, regbi-7 bo‘yicha ayollar jamoasi murabbiyi G‘olibjon Saidov, regbi bo’yicha Buxoro viloyati katta murabbiyi Azizbek To’raev, regbi-7 bo’yicha O’zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi Yegor Lebed, Asia Rugby vakili Markaziy Osiyoda regbini rivojlantirish bo’yicha maslahatchi Anatoliy Shirovlar ishtirok etishdi.
Uchrashuvda Buxoro viloyatida regbini rivojlantirish, talaba-yoshlar o‘rtasida regbini ommalashtirish masalalari, Buxoro davlat pedagogika institutida regbi bo‘yicha ixtisoslikni ochish istiqbollari, shuningdek, Buxoro shahrida respublika turnirlarini o‘tkazish imkoniyatlari muhokama qilindi.
A.Shirov Buxoro viloyatida regbiga qiziqish ortib borayotgani, shuningdek, bolalar va yoshlar o‘rtasida regbi turini rivojlantirishda ijobiy dinamika kuzatilayotganini ta’kidladi. BuxDPI talabalari orasidan ayollar jamoasi yaratilganiga alohida to’xtalib o’tdi. U buxorolik jamoalarning tez orada regbi bo‘yicha O‘zbekiston chempionati va kubogida ishtirok etishiga umid bildirdi.
BuxDPI O‘zbekiston regbi federatsiyasi bilan yaqin hamkorlik qilishdan mamnunligini va regbi bo‘yicha kadrlar tayyorlash bo‘yicha ilg‘or tajribalarni jalb etish, shuningdek, o‘quv-uslubiy bazani takomillashtirish haqida manfaatli ekanligini aytib o’tdi.