Oʻzbekiston regbi federatsiyasining yillik hisobot konferensiyasi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston regbi federatsiyasining yillik hisobot konferensiyasi boʻlib oʻtdi

Oʻzbekiston regbi federatsiyasining yillik hisobot konferensiyasi boʻlib oʻtdi


Joriy yilning 9-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining majlislar zalida Oʻzbekiston regbi federatsiyasining yillik hisobot yigʻilishi boʻlib oʻtdi.

Hisobot konferensiyasi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari, Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi S. Safaev raisligida oʻtkazildi.

Konferensiya davomida masʼul shaxslarning quyidagi yoʻnalishlar boʻyicha hisobotlari tinglandi:

– 2025-yilda regbi boʻyicha oʻtkazilgan respublika chempionatlari va kuboklari;

– milliy terma jamoalar bilan oʻtkazilgan mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari;

– xalqaro musobaqalarda ishtirok etish natijalari;

– yil yakuni boʻyicha Federatsiyaning moliyaviy faoliyati.

Bundan tashqari, hisobot yigʻilishi doirasida quyidagi masalalar muhokama qilindi:

– 2026-yilda respublika chempionatlari va kuboklari, shuningdek GIR 2.0 festivallarini oʻtkazish rejalari;

– milliy terma jamoalar bilan mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarini tashkil etish rejalari;

– terma jamoalarning xalqaro musobaqalarda ishtiroki hamda ushbu yoʻnalishlar boʻyicha masʼul shaxslarning rejalari.

Shuningdek, konferensiya davomida Oʻzbekistonning regbi-7 boʻyicha erkaklar va ayollar milliy terma jamoalarining 2028-yilgi Olimpiya oʻyinlarida ishtirok etish istiqbollari va imkoniyatlari koʻrib chiqildi. Ushbu imkoniyatlarni toʻliq amalga oshirish yuzasidan Federatsiya raisi S. Safaev tomonidan tegishli topshiriqlar berildi.

Hisobot konferensiyasi yakunlariga koʻra, Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisining birinchi oʻrinbosari S. Safaev tomonidan masʼullarga quyidagi topshiriqlar berildi:

– 2026-yilda regbi boʻyicha respublika chempionatlari va kuboklarini oʻtkazish;

– xalqaro musobaqalarda, shuningdek mahalliy va xorijiy oʻquv-mashgʻulot yigʻinlarida ishtirok etish boʻyicha kalendar rejasini tasdiqlash;

– Oʻzbekistonda regbini yanada rivojlantirish maqsadida xorijiy va mahalliy investorlar hamda homiylarni jalb qilish boʻyicha rejalarni ishlab chiqish va tasdiqlash.

Yigʻilishda sport vaziri oʻrinbosari Sh. Mahmudov, Milliy olimpiya qoʻmitasi bosh kotibi O. Qosimov, Mudofaa vazirligi Sport markazi boshligʻi M. Madaminov, Sport oʻyinlari boʻyicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori J. Akramov, Oʻzbekiston talabalar sporti assotsiatsiyasi raisi oʻrinbosari E. Qodirov, Respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruvi raisi oʻrinbosari V. Mustafina, shuningdek vazirliklar, idoralar va tashkilotlarning masʼul rahbarlari va mutaxassislari hamda Federatsiyaning hududiy boʻlimlari rahbariyati ishtirok etib, oʻz taklif va mulohazalarini bildirdilar.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 4-dekabrdagi PQ-421-sonli “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori, shuningdek 2025-yil 13-fevral kuni Olimpiya va Paralimpiya harakatini yanada rivojlantirish, ommaviy sportni yangi bosqichga olib chiqish va aholining jismoniy faolligini oshirish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida belgilangan topshiriqlar ijrosini taʼminlash maqsadida, joriy yilning 9-yanvar kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti hamda Oʻzbekiston regbi federatsiyasi oʻrtasida oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolandi.

Mazkur memorandumning asosiy maqsadi:

– talabalarni jismonan sogʻlom etib tarbiyalash;

– ularning boʻsh vaqtini mazmunli tashkil etish;

– universitet sport inshootlarida jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shugʻullanish uchun shart-sharoitlar yaratish;

– talabalar sogʻligini mustahkamlashga qaratilgan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish;

– olimpiya sport turi hisoblangan regbi-7 sport turini targʻib qilishdan iborat.

Memorandumni imzolash marosimida Oʻzbekiston regbi federatsiyasi bosh kotibi K. Jalilov hamda Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining Yoshlar masalalari va maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha birinchi prorektori O. Yusupjanov ishtirok etdilar.