Oʻzbekiston va Qozogʻiston regbi federatsiyalari hamkorlikni mustahkamlamoqda

Oʻzbekiston va Qozogʻiston regbi federatsiyalari hamkorlikni mustahkamlamoqda

2026-yil 6-avgust kuni Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetida Oʻzbekiston regbi federatsiyasi rahbariyatining Qozogʻiston Respublikasi delegatsiyasi bilan rasmiy uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Mazkur uchrashuv 4–5-avgust kunlari Toshkent shahrida Oʻzbekiston Savdo-sanoat palatasi taklifiga binoan oʻtkazilgan Oʻzbekiston–Qozogʻiston biznes-forumi yakunlari doirasida tashkil etildi. Forum ishida Qozogʻiston Respublikasi «Atameken» Tadbirkorlar milliy palatasi Prezidiumi raisi Kanat Sharllapayev ishtirok etdi. U ayni paytda Qozogʻiston regbi federatsiyasi prezidenti ham hisoblanadi. Shu munosabat bilan ishbilarmonlik dasturi yakunida Oʻzbekiston va Qozogʻiston regbi federatsiyalari rahbarlarining ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish hamda regbi sohasidagi sheriklik aloqalarini mustahkamlash masalalariga bagʻishlangan alohida uchrashuvi boʻlib oʻtdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston regbi federatsiyasi raisi, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi oʻrinbosari, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti rektori Sodiq Safoyev, Oʻzbekiston regbi federatsiyasi Bosh kotibi Qahramon Jalilov, Qozogʻiston regbi federatsiyasi Prezidenti, Qozogʻiston Respublikasi «Atameken» Tadbirkorlar milliy palatasi Prezidiumi raisi Kanat Sharllapayev, shuningdek, Qozogʻiston Tashqi savdo palatasi boshqaruvi raisi, Qozogʻiston Respublikasi «Atameken» TMP boshqaruvi raisi oʻrinbosari Murat Karimsakov ishtirok etdilar.

Muzokaralar davomida tomonlar milliy federatsiyalar oʻrtasidagi hamkorlikning istiqbolli yoʻnalishlarini, jumladan, bolalar-oʻsmirlar va talaba regbisini rivojlantirish, sportchilar hamda mutaxassislarni tayyorlash borasida tajriba almashish, qoʻshma oʻquv-mashgʻulot yigʻinlari va xalqaro musobaqalarni tashkil etish, shuningdek, Markaziy Osiyo mamlakatlarida regbini yanada ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

Mintaqaviy hamkorlikni kengaytirish hamda milliy federatsiyalarning saʼy-harakatlarini birlashtirish orqali Markaziy Osiyo regbisining xalqaro maydondagi raqobatbardoshligini oshirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida ishtirokchilar hamkorlikni yanada mustahkamlashdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini tasdiqladilar hamda Oʻzbekiston va Qozogʻiston regbi federatsiyalari oʻrtasidagi yaqin hamkorlikni rivojlantirish mintaqada regbini yanada taraqqiy ettirish yoʻlidagi muhim qadam boʻlishiga ishonch bildirdilar.