2020-yil 7-avgustda Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2025-yilda Oʻzbekistonda yoshlar oʻrtasidagi IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishga tayyorgarlik koʻrish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori qabul qilindi.
Maʼlumki, Osiyo Olimpiya kengashining 2019-yil 28-sentyabr kuni Qatarning Doxa shahrida boʻlib oʻtgan 73-Ijroqoʻmi yigʻilishida Toshkent shahrida 2025-yil yoshlar oʻrtasida IV yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishga rozilik bildirish toʻgʻrisida qaror qabul qilingandi.
Qarorga muvofiq, mazkur nufuzli musobaqani yuqori saviyada oʻtkazish maqsadida Oʻzbekiston Milliy Olimpiya qoʻmitasi huzurida “Toshkent–2025” yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazishni tashkil etish boʻyicha tashkiliy qoʻmita tarkibi hamda chora-tadbirlar dasturi tasdiqlandi.
Shuningdek, ilgʻor davlatlar tajribasidan kelib chiqib, Osiyo oʻyinlarini yuqori saviyada tashkil etish va oʻtkazish bilan bogʻliq vazifalarni tizimli amalga oshirish maqsadida davlat muassasasi shaklidagi “Toshkent–2025” yozgi Osiyo oʻyinlarini oʻtkazish direksiyasi tuziladi.