2020 yil 10 noyabr kuni, O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 oktyabrdagi PQ-4500 «O’zbekiston Respublikasida regbini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida» qarorining tegishli bandlarini ijrosini ta’minlash maqsadida, O’zbekiston regbi federatsiyasi va O’zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya harbiy-texnik instituti o’rtasida Memorandum imzolandi. Regbi federatsiyasida bo’lib o’tgan tadbirda, O’zbekiston regbi federatsiyasi raisi S.Safoev, Milliy gvardiya harbiy-texnik instituti rektori M.Rustamboev va tashkilotlarning boshqa yuqori martabali vakillari ishtirok etdilar.
Institut tashabbusi bilan ushbu hujjat Federatsiyaning takliflari va mulohazalarini hisobga olgan holda uzoq muddatli ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish maqsadida ishlab chiqilgan. Yuqoridagi Memorandum Milliy Gvardiya jamoasini nafaqat mahalliy musobaqalarda, balki xalqaro turnirlarda ishtirok etishlari uchun, Federatsiya murabbiylari va hakamlarini jalb etishni nazarda tutadi. Bundan tashqari, mahorat darslari va ma’rifiy ma’ruzalar o’tkazish uchun har ikki tarafdan taniqli murabbiy-maslahatchilarni jalb etilishi ko’zda tutilgan. Shuningdek, O’zbekiston Respublikasi Milliy Gvardiya Harbiy-texnik institutining jismoniy tarbiya va sport kafedrasi etakchi mutaxassislari va o’qituvchilari bilan hamkorlikda, O’zbekiston regbi federatsiyasining etakchi murabbiylari tomonidan o’quv dasturlari va qo’llanmalarini ishlab chiqish rejalashtirilgan.
O’zbekiston regbi federatsiyasi Milliy gvardiya harbiy-texnika instituti rahbariyatidan mamlakatimizda regbi sport turini har tomonlama rivojlantirishda o’z hissasini qo’shayotgani uchun o’z minnatdorchiligini bildiradi.