Regbi yo‘nalishi talabalari uchun sport maydoni quriladi
11 yanvar kuni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti rektori Rashid Matkarimov hamda O‘zbekiston Respublikasi regbi federatsiyasi bosh kotibi Qahramon Jalilov, federatsiya huquqshunosi Anvarbek Qasimovlar o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda universitetning sport faoliyati regbi yo‘nalishida tahsil olayotgan talaba-yoshlarga mazkur sport turi bilan shug‘ullanish uchun zarur shart-sharoitlar yaratish to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirilib, regbi sport turiga moslashtirilgan maydon tashkil qilish hamda uni moliyalashtirish mexanizmlarini ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikda amalga oshiriladigan ishlar belgilab olindi.
Uchrashuv yakunida esa universitet rahbariyati hamrohligida federatsiya vakillari regbi sport turiga moslashtirilgan maydon hududini ko‘zdan kechirdi va masʼullarga tashkiliy masalalar yuzasidan kerakli topshiriqlar berildi.
Ko‘zlangan maqsad istiqbolda federatsiya bilan hamkorlikda talabalar orasida ommaviy sportni rivojlantirish, Respublika va Xalqaro musobaqalarni tashkil etib, shu orqali taʼlim sifatini oshirish hamda milliy terma jamoa tarkibiga munosib nomzodlarni saralash hisoblanadi.