23-may kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida sport taʼlimini yaxshilash, iqtidorli sportchilarni saralash va ularning zaxirasini yaratish hamda murabbiylarni tayyorlash boʻyicha ustuvor vazifalar mavzusida videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi. Unda sohadagi muammo va kamchiliklar tanqidiy koʻrib chiqildi. Bugun Milliy Olimpiya Qoʻmitasida ushbu videoselektorda berilgan topshiriqlar ijrosini amalga oshirish mexanizmi yuzasidan yigʻilish oʻtkazildi.
Unda Sportni rivojlantirish vaziri Adham Ikramov va uning oʻrinbosari Shahrullo Mahmudov, MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov va Qoʻmita raisi oʻrinbosarlari Ravshan Irmatov, Saken Polatov hamda Sherzod Tashmatov ishtirok etishdi.
Yigʻilishni Adham Ikramov olib bordi va kun tartibidagi barcha masalalarga tanqidiy nazar tashladi. Jumladan, sportchilarning professional darajaga oʻtishdagi koʻrsatkichning pastligi, viloyatlardagi Olimpiya zaxiralari kollejlari faoliyatining oqsayotgani, kollej bitiruvchilari orasida terma jamoaga qabul qilinayotgan yoshlarning foiz koʻrsatkichi qoniqarli emasligi, mutaxassislarning oylik maoshlari kamligi kabi videoselektorda tilga olingan muammolar, ularning kelib chiqish sabablari boʻyicha fikr almashildi.
Sportni rivojlantirish vaziri, ayniqsa, viloyatlardagi taʼlim sifatini yanada kuchaytirish, sport maktablari va OZKdagi bitiruvchi oʻquvchilarning samaradorligini oshirishga alohida toʻxtaldi. Bu borada hududlar, nufuzli musobaqalarga tayyorgarlik olib borayotgan terma jamoalar har bir mutasaddi rahbarlar orasida taqsimlab olinadi. Ular belgilangan hudud yoki federatsiya bazasiga borib, uslubchilar, sportchi va murabbiylarning sharoitini oʻrganishadi va ularga amaliy yordam berishadi.
Yigʻilishda Prezident koʻrsatmalari asosida yaratilayotgan yangi tizim bugungi davr uchun qanchalik dolzarbligi, ularni amalga oshirishda nimalarga eʼtibor qaratish kerakligi xususida alohida toʻxtalib oʻtildi. Buning uchun Buxoro viloyati misolida joriy etiladigan tizimni barcha hududlarda qoʻllash, taʼlim muassasalaridagi mutaxassislarning malakasini yanada oshirish muhimligi taʼkidlandi.
Yakunda videoselektorda berilgan topshiriqlar boʻyicha Sportni rivojlantirish vazirligi va Milliy Olimpiya qoʻmitasining tegishli chora-tadbirlar rejasini ishlab chiqish, tasdiqlash va uning bandlarini ijro uchun amalga tatbiq qilish boʻyicha kelishuvga erishildi.
Manba: olympic.uz