O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi Hay’ati kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi

Bugun O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligida 2025-yilning birinchi yarmi davomida amalga oshirilgan ishlar natijalarini muhokama qilishga bag‘ishlangan Hay’atning navbatdagi kengaytirilgan yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi departamenti rahbari Odil Abdurahmonov, Sport vazirligi Markaziy apparati mas’ullari, Milliy Olimpiya va Paralimpiya qo‘mitalari rahbariyati, Respublika oliy sport mahorati maktablari, hududiy sport boshqarmalari boshliqlari, Milliy Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari ijrochi direktorlari hamda sport federatsiyalari vakillari ishtirok etdi.






Yig‘ilishda yarim yillik faoliyat davomida erishilgan yutuqlar, aniqlangan kamchiliklar va kelgusidagi ustuvor vazifalar atroflicha ko‘rib chiqildi.
Xususan, “Los-Anjeles–2028” Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga sportchilarni har tomonlama tayyorlash bo‘yicha ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi. Yaqinda Davlat rahbari huzurida o‘tkazilgan taqdimotda belgilangan topshiriqlar ijrosini ta’minlashda hududiy sport boshqarmalari, Milliy Olimpiya qo‘mitasining hududiy bo‘linmalari va sport federatsiyalari o‘rtasidagi hamkorlik tahlil qilindi.
Shuningdek, “Yangi O‘zbekiston olimpiya cho‘qqilari” sport musobaqalarining mintaqaviy bosqichi yakunlari, joylardagi rahbarlarning mas’uliyati va navbatdagi bosqichga tayyorgarlik masalalari ham muhokama markazida bo‘ldi.
Yig‘ilish davomida 2025-yilda o‘tkazilishi rejalashtirilgan nufuzli xalqaro kompleks sport musobaqalariga milliy terma jamoalar sportchilarining tayyorgarligi holati yuzasidan mas’ullar axboroti tinglandi.
