O‘zbekiston regbi terma jamoalari Emirates Sevens Series Osiyo chempionatiga tayyorgarlik ko‘rmoqda

O‘zbekistonning regbi bo‘yicha erkaklar va ayollar terma jamoalari Asia Rugby homiyligida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqalarga tayyorgarlik doirasida Qozog‘istonning Taldyqo‘rǵon shahrida o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini o‘tkazmoqda.
Emirates Sevens Series Osiyo chempionatining birinchi bosqichi 19–21 sentabr kunlari Xanchjou (Xitoy) shahrida bo‘lib o‘tadi. Turnirda Yaponiya, Xitoy, Gonkong, Shri-Lanka va BAA kabi Osiyoning eng kuchli 12 jamoasi ishtirok etadi. O‘zbekiston erkaklar terma jamoasi ilk bor saralash bosqichida qatnashadi. Seriyaning ikkinchi bosqichi 17–18 oktyabr kunlari Kolombo (Shri-Lanka) shahrida bo‘lib o‘tadi. Jamoalar 2028-yil Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlariga yo‘llanma uchun kurash olib boradi.
O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Asia Rugby Sevens Trophy turniriga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Ushbu musobaqa 24–27 oktyabr kunlari Ummon davlatida o‘tkaziladi va saralash bosqichi hisoblanadi. G‘olib jamoa 2026-yilgi Emirates Sevens Series Osiyo chempionatida ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritadi va olimpiyaga yo‘llanma uchun kurashni davom ettiradi.
Tayyorgarlik jarayonida har ikkala terma jamoa Qozog‘istonning “Olimp” PRK, “Jetyisu” va “SDYuSSh-1” klublari bilan nazorat o‘yinlarini o‘tkazdi.
