Har bir sport turi bo’yicha sport kunining ta’rifi
Joriy yil boshidan beri Olimpiya oʻyinlariga tayyorgarlik, karantin davrida qilingan ishlar, sportchilarimizning salomatligini nazorat qilish va Tokio-2020 Olimpiadasiga qoʻlga kiritilgan litsenziyalar masalalariga bagʻishlangan onlayn hisobot yigʻilish boʻlib oʻtdi. 2020 yil 7 oktyabrdagi onlayn yig’ilishida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti administratsiyasi masʼul xodimi Shavkat Sultonov, Vazirlar Mahkamasi vakili Rashid Talipov, Jismoniy tarbiya va sport vazirligi vakillari, MOQ mutasaddilari, federatsiya va assotsiatsiyalar rahbariyati ishtirok etdi.
Dastlab MOQ qoshidagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazi direktori, professor Abdushukur Sadikov karantin davrida sohada olib borilgan ishlar, sportchilarni tibbiy koʻrikdan oʻtkazish kabi masalalar yuzasidan hisobot topshirdi. Mutaxassisning maʼlum qilishicha, ortda qolgan davr mobaynida 16 nafar sportchida COVID-19 infeksiyasi aniqlangan boʻlib, ularning 2 nafarida virus yengil koʻrinishda oʻtgan. Qolgan 14 nafar atlet esa shifokorlarning saʼy-harakatlari bilan butunlay sogʻaygan va terma jamoa safiga qaytgan.
Shundan soʻng MOQ prezidenti maslahatchisi Nazirjon Xudoyqulov Tokio Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga qoʻlga kiritilishi kutilayotgan litsenziyalar haqida batafsil gapirib berdi. Unga koʻra, delegatsiyamiz Tokio Olimpiya va Paralimpiya oʻyinlariga kamida 110 ta litsenziya olishni oʻz oldiga maqsad qilib qoʻygan. Mutaxassis oʻz nutqida mazkur yoʻnalishda yutuq va kamchiliklarimizni ham alohida taʼkidlab oʻtdi.
Onlayn uchrashuv davomida Sh.Sultonov va R.Talipov ham kun tartibidagi masalalar boʻyicha oʻz mulohazalarini bildirib oʻtishdi. Shuningdek, federatsiyalar rahbariyatiga terma jamoalarning mashgʻulotlari uchun bazalarga kerakli sanitar-epidemiologik vositalarni olib berish va nazoratni yana-da kuchaytirish, seleksiya ishlari boʻyicha atroflicha koʻrsatmalar berildi.
Shuningdek, mutasaddilar har bir sport turlari boʻyicha yilning maʼlum kunini mamlakatimizda oʻsha sport kuni sifatida nishonlash taklifini berishdi. Albatta, bundan koʻzlangan maqsad aholi orasida ommaviy sport va sogʻlom turmush tarzi targʻibotini yana-da kuchaytirishdir. Ayni paytda O’zbekiston regbi federatsiyasi tomonidan sport tadbirlarini yanada o’tkazish uchun «regbi kuni» uchun aniq sanani tanlash masalasi muhokama qilinmoqda.