Ravshan Ermatov: “Aholi salomatligi uchun barcha masʼul!”

Ravshan Ermatov: “Aholi salomatligi uchun barcha masʼul!”

Ravshan Ermatov: “Aholi salomatligi uchun barcha masʼul!”

Bugun mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportni yana-da ommalashtirish, aholi salomatligini mustahkamlash masalasiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Hukumatimiz tomonidan jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, sogʻlom turmush tarzini keng targʻib etishning huquqiy mexanizmi yaratilmoqdaki, bu sohadagi ishlar samaradorligining ortishiga xizmat qiladi.

Mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sportga eʼtiborning yana-da ortishi natijasida 2017-yilda Jismoniy tarbiya va sport davlat qoʻmitasi tashkil etildi. Keyinroq, 2018-yilning 5-martida Prezident farmoni bilan qoʻmita Jismoniy tarbiya va sport vazirligiga aylantirildi. Oʻtgan davr mobaynida mamlakatimizda jismoniy tarbiya va sport sohasini ommalashtirish va rivojlantirish, sport infratuzilmasini mustahkamlash, sohada malakali kadrlarni tayyorlash tizimini takomillashtirish, qolaversa Olimpiya va milliy sport turlarini rivojlantirishga qaratilgan jami 14ta Prezident Farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining 30dan ortiq qarorlari qabul qilindi. Bu mamlakatimizda sohaga boʻlgan eʼtibor va munosabat tubdan oʻzgarganligini anglatadi.

Shu munosabat bilan bugun Oʻzbekiston milliy matbuot markazida matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi oʻrinbosari Ravshan Ermatov, vazirlik boshqarma boshliqlari Jamshid Hasanov va Umid Rajabov hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport boʻyicha mutaxassislarni ilmiy-metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi direktori Ilhom Tursunaliyev hamda matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Shuningdek, anjumanda 2020-yil 24-yanvarda “Oʻzbekiston Respublikasida jismoniy tarbiya va sportni yana-da takomillashtirish va ommalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Prezident farmoni imzolangani taʼkidlandi. Taʼkidlash kerak, respublikamizda oxirgi yillarda jismoniy tarbiya va sportni ommalashtirish, aholi oʻrtasida sogʻlom turmush tarzini targʻib qilish, imkoniyatlari cheklangan shaxslarning jismoniy reabilitatsiyasi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish hamda mamlakatning xalqaro sport maydonlarida munosib ishtirok etishini taʼminlash borasida izchil chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, jismoniy tarbiya va sport sohasida aholi sogʻligʻini mustahkamlashga koʻmaklashadigan aniq dasturlarni amaliyotga joriy etish, yoshlarni sportga keng jalb qilish va ular orasidan iqtidorli sportchilarni saralab olish, sport turlari boʻyicha yuqori natijalarni taʼminlaydigan mahoratli sportchilar bilan milliy terma jamoalarni shakllantirish va trenerlar uchun qoʻshimcha shart-sharoitlar yaratish zarurati mavjud.

Mamlakatda yuksak madaniyatga ega boʻlgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sogʻlom insonni shakllantirish maqsadida, aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yoʻnalishlarni belgilash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etishga qaratilgan ushbu farmon Oʻzbekistonda soha rivojini yangi darajaga koʻtarilishini taʼminlab beradi.

2020-yil 30-oktyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan sohaga doir muhim hujjat, “Sogʻlom turmush tarzini hayotga keng tatbiq etish va ommaviy sportni yana-da rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmon imzolandi.

Ushbu farmonda sogʻlom turmush tarzini qaror toptirish, aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish, salomatlikni mustahkamlashga qaratilgan juda ham muhim jihatlar oʻz aksini topgan. Xususan, davlat organlari va tashkilotlari rahbarlari va xodimlari, ularning oila aʼzolarini ham jismoniy tarbiya va sport bilan muntazam shugʻullanishlarini taʼminlash, ular oʻrtasida musobaqalar tashkil etish koʻzda tutilgan.

Respublikada aholi oʻrtasida ommaviy sportni rivojlantirish va sogʻlom turmush tarzini targʻib qilishda – yurish, yugurish, mini-futbol, velosport, badminton, stritbol, “Workout” (mahalla va koʻcha fitnesi) sportning ustuvor turlari etib belgilandi.

2021-yil 1-martga qadar aholini kunlik yurish va yugurishga targʻib qilish maqsadida “Sogʻlom turmush tarzi” (www.1hls.uz) platformasi yaratiladi. Platformada roʻyxatdan oʻtganlar Oʻzbekiston hududida bir sutka davomida oʻn ming va undan ortiq qadam yurgan 18 va undan yuqori yoshdagi Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosining platformadagi elektron hamyoniga 3 ming soʻmdan, har oyda har bir tuman(shahar) boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 300 ming soʻmdan, har bir hudud boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 500 ming soʻm, respublika boʻyicha eng koʻp yurgan shaxsga 1 million soʻm qoʻshimcha ravishda platformadagi elektron hamyoniga oʻtkaziladi. Bu ham yurtdoshlarimizni piyoda yurish va shu orqali sogʻlom turmush tarziga oshno boʻlishida oʻziga xos omil boʻlib xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq davlat organlari va tashkilotlarining ish kuni davomida ishlab chiqarish gimnastikasi mashqlari bajarishi uchun ish vaqtiga kiritiladigan maxsus tanaffuslar belgilanadi. Bu borada Oʻzbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi tomonidan amaliy harakatlar boshlab yuborilgan.

2021-yil 1-iyuldan boshlab, vazirlik, idora, korxona, tashkilot, mahalliy davlat hokimiyati organlarida faoliyat olib borayotgan rahbar va xodimlarning antropometrik koʻrsatkichlarini (semizlik darajasini, vazn indeksini), boshqa oʻtkir kasalliklarni keskin kamaytirish, salomatlikni mustahkamlash boʻyicha baholash mezonlarini ishlab chiqib, reyting asosida tahlil qilish hamda natijalarni onlayn kuzatib borish tizimi yoʻlga qoʻyilishi ham belgilangan.

2020-yil 3-noyabrda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jismoniy tarbiya va sport sohasida kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish va ilmiy salohiyatni oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qarori ham qabul qilindi. Mazkur qaror orqali Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Fargʻona filiali, Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetining Sportchilarning texnik-taktik, psixofiziologik holatini oʻrganish va tahlil qilish boʻyicha maxsus ilmiy laboratoriyasi negizida Oʻzbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti huzuridagi Jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti tashkil etiladi.

Bugun dunyoda sport sohasi juda ham taraqqiy etdi. Toʻgʻri, mashgʻulotlar olib borish jarayoni keskin farq qilmas, ammo har bir sportchining funksional holati individual yondashuvni taqozo qiladi. Buning uchun esa kuchli ilmiy salohiyat zarur.

Ushbu qaror bilan 2020-yil 1-dekabrdan boshlab Universitet respublikadagi barcha jismoniy tarbiya va sport sohasidagi davlat tashkilotlari hamda sport federatsiyalari (uyushmalari) faoliyati ustidan oʻquv va ilmiy-uslubiy rahbarlikni amalga oshirishi belgilab qoʻyilgan.

Universitet huzurida jamoatchilik asosida doimiy faoliyat yuritadigan Respublika ilmiy-uslubiy kengashi tashkil etiladi. 2021-yildan boshlab har yili jismoniy tarbiya va sport sohasini rivojlantirishga va sohadagi muammolarning ilmiy yechimini taʼminlashga qaratilgan loyihalar tanlovlari muntazam tashkil etiladi.

2021/2022 oʻquv yilidan boshlab Toshkent tibbiyot akademiyasi, Toshkent farmatsevtika instituti va boshqa oliy taʼlim muassasalarida sport tibbiyoti, farmakologiyasi, reabilitologiyasi, psixologiyasi va diyetologiyasi mutaxassisliklari yoʻlga qoʻyiladi.

2020-yilning yakuniga qadar sport-taʼlim muassasalari hamda sport turlari boʻyicha federatsiyalar (uyushmalar) uchun bosma nashrlarni chop etish maqsadida Universitet qoshida “Jismoniy tarbiya va sport” nashriyoti va bosmaxona faoliyati yoʻlga qoʻyiladi.

Shuningdek, matbuot anjumanida jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan yana koʻplab savollarga javob olishdi.

Soʻzimizni muxtasar qiladigan boʻlsak, bugun hukumatimiz tomonidan soha rivoji uchun barcha sharoit va imkoniyatlar yaratib berilmoqda. Asosiy muammo, ularning ijrosini sifatli taʼminlashda. Agar ushbu farmon va qarorlarda belgilab berilgan vazifalar toʻliq amalga oshirilsa, Oʻzbekiston hech bir mubolagʻasiz dunyo sportida va aholining salomatlik darajasida jahonda yetakchi oʻrinlardan biriga koʻtariladi. Buning uchun esa barchamiz bahamjihat boʻlib harakat qilmogʻimiz lozim.

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan