Yurtimizda ishlayotgan xorijlik murabbiylar faoliyati sarhisob qilindi.

Yurtimizda ishlayotgan xorijlik murabbiylar faoliyati sarhisob qilindi.

Yurtimizda ishlayotgan xorijlik murabbiylar faoliyati sarhisob qilindi.

Hozirda Olimpiya sport turlari bo’yicha terma jamoalarimizda sportning 17 turida 22 nafar xorijlik murabbiylar faoliyat olib borishmoqda. Shubhasiz, yirik musobaqalarga tayyorlanishda jahon tajribalarini yurtimizda keng tatbiq qilish katta ahamiyatga ega. Hukumatimizning qo’llab-quvvatlashi bilan ushbu xorijiy murabbiylarning maoshiga oid barcha moliyaviy masalalar hal qilingan. Xo’sh, ularning faoliyati hozirda sportimiz mutasaddilarini qoniqtiryaptimi? Buning ta’sirida sportchilarimizning natijalarida qanchalik o’sish kuzatilmoqda? 4 fevral kuni ushbu mavzular yuzasidan Jismoniy tarbiya va sport vazirligida «Xorijiy mutaxassislar bilan mehnat shartnomalari (kontraktlar) tuzish to’g’risidagi takliflarni ko’rib chiqish» mavzusida yig’ilish bo’lib o’tdi. Unda Rustam Shoabdurahmonov boshchiligidagi O’zbekiston Milliy olimpiya qo’mitasi rahbariyati, Jismoniya tarbiya va sport vazirining birinchi o’rinbosari Ravshan Irmatov, federatsiya va assotsiyatsiyalar mas’ullari, Respublika oliy sport maxorat maktablari mutasaddilari ishtirok etishdi.

«Rioda o’tkazilgan Olimpiya o’yinlarini yodga olsak, unda delegatsiyamiz Olimpiya o’yinlariga 70 ta yo’llanma qo’lga kiritgan. Hisob-kitoblar bo’yicha Tokiodagi Olimpiya o’yinlariga ham taxminan shuncha litsenziya olamiz. Biroq hukumatimiz Tokio Olimpiadasiga tayyorgarlik uchun Riodagiga qaraganda ancha katta e’tibor qaratmoqda. Federatsiyalarimiz so’ragan xorijiy murabbiylar jamoaga taklif etilmoqda. Ammo natijalarda katta o’zgarish yo’q. Shunday ekan, faoliyatimizni yana bir bor tanqidiy ko’rib chiqishimiz lozim», – dedi MOQ raisi.

Yig’ilishda dastavval terma jamoalarimizda faoliyat olib borayotgan mutaxassislarning ishi so’nggi ikki yil kesimida birma bir tahlil qilib chiqildi. Qo’lga kiritilgan yutuqlar, o’sishlar ta’kidlab o’tildi. Shu bilan birga ba’zi mutaxassislarning faoliyatiga ham tanqidiy baho berildi. Jumladan, yengil atletika bo’yicha jamoamizda ishlayotgan Boris Jgirning faoliyati borasida e’tirozlar bildirilib, samaradorlikni oshirish bo’yicha kerakli tavsiya va ko’rsatmalar berildi.

Shuningdek, jamoalarimizni Xanchjou-2022 Osiyo o’yinlari va Parij-2024 Olimpiya o’yinlariga tayyorlash dasturi bo’yicha ham bir qator rejalar muhokama etildi. Bu borada xorijlik mutaxassis yo’q bo’lgan jamoalarga extiyojga qarab chet ellik trener yoki konsultantlarni jalb qilish, buning uchun eng munosib nomzodlarni ko’rib chiqish taklif qilindi.

Manbaa: olympic.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan