O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida sport ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

O‘zbekiston va Janubiy Koreya o‘rtasida sport ilmiy tadqiqotlari bo‘yicha hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi

Mamlakatimizning Seul shahridagi elchixonasi tomonidan O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Janubiy Koreya sport fanlari instituti vakillari ishtirokida videokonferensiya shaklidagi uchrashuv o‘tkazildi, deb xabar bermoqda «Dunyo» axborot agentligi.

Tadbirda O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari M.Arziqulov, institut tadqiqotchilari va olimlari, shuningdek, Koreya sport fanlari instituti boshqarma boshliqlari Kvon Il Kim, Xong Sun Song, yetakchi professor va tadqiqotchilari ishtirok etdi. 

Uchrashuvda ikki davlat sport tadqiqotlariga ixtisoslashgan muassasalari o‘rtasida yaqin hamkorlik aloqalarini o‘rnatish masalasi muhokama qilindi. Yosh iqtidorli sportchilarni aniqlash, ularning jismoniy tayyorgarligini kuchaytirish bo‘yicha ilmiy asoslangan faoliyatni rivojlantirish, xalqaro musobaqalarda yuqori ko‘rsatkichlarni qayd etishga qaratilgan dasturiy chora-tadbirlarni ishlab chiqish va boshqa yo‘nalishlarda fikr almashildi.

Jumladan, onlayn-muloqot ishtirokchilari O‘zbekiston va Janubiy Koreyada sportni rivojlantirish va ommalashtirish sohasida olib borilayotgan davlat siyosati o‘zaro o‘xshashligi va shu sababli istiqbolda o‘zaro manfaatli aloqalarni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlashdi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston jismoniy tarbiya va sport ilmiy tadqiqot instituti hamda Janubiy Koreya sport fanlari instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risidagi anglashuv memorandumini imzolashga kelishib olindi. Mazkur xujjat asosida tomonlar birgalikda ilmiy-tadqiqot ishlarini olib borish, sportchilarni tayyorlash va sport siyosatini takomillashtirish sohasida tajriba almashish hamda kelajakda ikkala institut mutaxassislarining o‘zaro tashriflarini amalga oshirish ko‘zda tutilgan.

Manba: minsport.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan