Federatsiya va assotsiatsiyalar uchun huquqiy mavzuda seminar o’tkazildi

Federatsiya va assotsiatsiyalar uchun huquqiy mavzuda seminar o’tkazildi

Bugun Adliya vazirligi hamda Milliy Olimpiya qo’mitasi hamkorligida federasiya va assosiasiyalarimiz uchun «nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining huquqiy asoslari» mavzusida seminar-trening o’tkazildi. Vazirlik binosida o’tgan ushbu tadbirda MOQ Bosh kotibi Oybek Kasimov, federasiyalar xodimlari, shuningdek, Vazirlikning mas’ul mutasaddilari ishtirok etishdi.

Dastavval Adliya vazirligining nodavlat notijorat tashkilotlar (NNT) boshqarmasi boshlig’i Avaz Madaminov NNT faoliyatiga oid qonunchilikdagi yangi o’zgarishlarning mazmun-mohiyati bilan tanishtirdi. Bunda mutaxassis federasiyalarning Adliya vazirligi bilan ishlash tartibi, tasdiqdan o’tkaziladigan hujjatlar haqida batafsil to’xtalib o’tdi.

Shundan so’ng Oybek Kasimov sohada uchrayotgan xato va kamchiliklar, ularni bartaraf etish yo’llari bo’yicha gapirdi:

«Kuni kecha Prezident Shavkat Mirziyoev raisligida sohamizga oid videoselektor yig’ilishi bo’lib o’tdi. Unda davlatimiz rahbari ko’plab jihatlarda ishimizdan qoniqmayotganini aytib o’tdilar.

Federasiyalarimizning faoliyati tahlil qilinganda, hamma ham Qonunchilik talablariga vaqtida rioya qilmayotganiga guvoh bo’ldik. Shu bois o’tkazilayotgan ushbu seminar federasiyalarimiz uchun juda ham foydali.

Bugun ko’proq e’tibor qaratiladigan 3 yo’nalishga barcha federasiyalar faoliyatida qat’iy rioya qilishlari kerak. Bular qabul qilingan grantlar haqida Adliya vazirligiga ma’lumot berib borish, xorijlik mutaxassislarni terma jamoaga jalb qilish va ular bilan shartnoma tuzishda barcha masalalarga ahamiyat qaratish hamda tashkilot faoliyati yuzasidan yillik hisobotlarni o’z vaqtida taqdim qilish».

Shuningdek, MOQ Bosh kotibi har bir federasiyalardan o’zlari o’tkazadigan Bosh Assambleya, Ijroiya qo’mitasi va boshqa yig’ilishlar bo’yicha protokollarni belgilangan muddat ichida Adliya vazirligiga jo’natish lozimligini eslatib o’tdi.

Seminar davomida Vazirlikning yana bir qator mas’ullari mavzu yuzasidan federasiya xodimlariga ko’plab ma’lumotlar berishdi. Yakunda o’tkazilgan savol-javob orqali ishtirokchilar mavzu bo’yicha o’z bilimlarini yanada boyitib oldilar.

Manba: olympic.uz