O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 oktyabrdagi «O’zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-4500-sonli qarorining ijrosini ta’minlash hamda regbi sport turini yanada rivojlantirish maqsadida joriy yilning 16 avgust kuni Toshkent viloyati hokimligida O’zbekiston regbi federasiyasining Toshkent viloyati bo’limi raisi va kotibini saylash konferentsiyasi bo’lib o’tdi.
Yig’ilishda O’zbekiston Oliy Majlis Senati raisining birinchi o’rinbosari, O’zbekiston regbi federasiyasi raisi S.Safoev, Toshkent viloyati hokimi v.b. Z.Mirzaev, sportni rivojlantirish vazirligi boshqarma boshlig’i B.Mamatnazarov, federasiya bosh kotibi Q.Djalilov hamda Toshkent viloyat hokimining o’rinbosarlari viloyat boshqarma va tashkilotlari, tuman va shahar sport ta’lim muassasalari rahbarlari, regbi sport turi bo’yicha mutaxassis-murabbiylar qatnashdi.
Kun tartibidagi masalalar yuzasidan O’zbekiston regbi federasiyasi Toshkent viloyati bo’limi raisi etib, O’zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Toshkent viloyati kengashi raisi Nosirov Murodjon Lazizovich, kotibi esa O’zbekiston kasaba uyushmalari Federasiyasining Toshkent viloyati kengashi raisi o’rinbosari Rashidov O’tkirbek To’rabekovichlar konferentsiya ishtirokchilari tomonidan bir ovozdan saylandi.
O’zbekiston regbi federasiyasining Toshkent viloyat bo’limi rahbariyati oldida viloyatning shahar va tumanlaridan iqtidorli yosh sportchilar saralab, viloyat terma jamoasini shakllantirish, terma jamoalari a’zolari ishtirokida o’quv-yig’in mashg’ulotlarini muntazam o’tkazish hamda Toshkent viloyatida regbi bo’yicha nufuzli musobaqalarni tashkil etib, yuqori saviyada o’tkazish vazifasi qo’yildi.
O’zbekiston regbi federatsiyasi matbuot kotibi M. Abdumalikova