Erkaklar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi
24 aprel kuni Markaziy harbiy sport klubi (MHSK) stadionida regbi-15 bo‘yicha erkaklar jamoalari o‘rtasida O‘zbekiston chempionati boshlandi. Musobaqada Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya, Ichki ishlar vazirliklari hamda Xorazm viloyati jamoalari ishtirok etmoqda.
Chempionat MHSK va Milliy gvardiya jamoalari o‘rtasidagi o‘yin bilan boshlandi. Uchrashuv hisobini Milliy gvardiya jamoasi birinchi bo‘limning 26-daqiqasida belgilangan penaltini aniq amalga oshirib, ochdi. 30-daqiqada Milliy gvardiya jamoasi urinish bilan muvaffaqiyatini mustahkamladi. Kiyinish xonasiga jamoalar 8 – 0 hisobida Milliy gvardiya jamoasi foydasiga hal qilib ketishdi. Tanaffusdan so‘ng MHSK jamoasi tashabbusni o‘z qo‘liga oldi va 4-daqiqadayoq gvardiyachilarning hisob maydonida o’z urinishlarini amalga oshirishdi. MHSK ikkinchi bo’limning 23 va 31-daqiqalarida javobsiz urinishlar bilan muvaffaqiyatni mustahkamlab, uchrashuv oxirigacha tashabbusni qo’ldan chiqarmadi. Uchrashuvdagi hisob 15 – 8 MHSK foydasiga.
Ikkinchi o‘yin Sharqiy harbiy okrug (ShHO) va Ichki ishlar vazirligi jamoalari o‘rtasida bo‘lib o‘tdi. ShHO jamoasi futbolchilari raqiblarga urinish uchun biror marta ham imkon qoldirmadi. Birinchi bo’lim hisobi 40 – 0. Uchrashuv hisobi 85:0 ShHO foydasiga yakunlandi.
Regbi-15 bo‘yicha O‘zbekiston chempionatining navbatdagi o‘yinlari 26-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universiteti stadionida bo‘lib o‘tadi. Milliy gvardiya jamoasi ShHO bilan, Ichki ishlar vazirligi jamoasi esa Xorazm jamoasi bilan bahs olib boradi.