Hamkorlik memorandumi: Universitetda regbi-7 rivojlantirish va talabalar klubini yaratish

2025-yil 7-aprel kuni Toshkent davlat agrar universiteti va O‘zbekiston regbi federatsiyasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik memorandumi imzolangan edi.
Mazkur memorandum Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2025-yil 13-fevral kuni Olimpiya va Paralimpiya harakatini rivojlantirish, aholining jismoniy faolligini oshirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarning ijrosidir.


Memorandum talabalarni jismoniy tarbiya va sportga faol jalb etish, turli musobaqalar tashkil etish va olimpiya sport turi regbi-7 turini ommalashtirishga qaratilgan. Sport seksiyalari tashkil etish, malakali murabbiylarni jalb etish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Hamkorlikning asosiy yo’nalishlari quyidagilardan iborat:
- universitetda regbi yettilik sport klubini tashkil etish;
- muntazam ravishda turnirlar, spartakiadalar, talabalar ligalari va kuboklarini o’tkazish;
- talabalarning Universiada va FISU shafeligidagi xalqaro musobaqalarda ishtirok etishi;
- ijtimoiy roliklar tayyorlash va tashabbuslarni ommaviy axborot vositalarida qo‘llab-quvvatlash;
- yetakchi xorijiy regbi klublari va universitetlari bilan hamkorlik.
Shuningdek, imzolangan oʻzaro hamkorlik memorandumi Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ-421 -son qarori ijrosini taʼminlaydi.
Loyiha yoshlarni har tomonlama kamol toptirish, ularning jismoniy va ruhiy salomatligini mustahkamlash, shuningdek, eng jadal olimpiya sport turlaridan biri – regbi-7ni ommalashtirishga qaratilgan.
