O‘zbekiston Regbi Federatsiyasi va Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqot instituti strategik hamkorlik bo‘yicha Memorandum imzoladi

O‘zbekiston Regbi Federatsiyasi hamda Jismoniy tarbiya va sport ilmiy-tadqiqot instituti regbini har tomonlama rivojlantirish, ilmiy-metodik yondashuvlar va zamonaviy innovatsion texnologiyalarni o‘yinchilar hamda murabbiylar tayyorlash jarayoniga joriy etishga qaratilgan uzoq muddatli Hamkorlik Memorandumini imzoladi.
Hujjat O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining sportchilar tayyorlash tizimini modernizatsiya qilish, mashg‘ulot jarayonining sifatini oshirish va jamoaviy sport turlarini rivojlantirishga oid davlat dasturlari va qarorlariga asoslanadi.
Hamkorlik doirasida tomonlar quyidagilar bo‘yicha kelishib oldi:
– yosh olimlarning regbi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarda ishtirok etishi uchun sharoit yaratish;
– istiqbolli ilmiy loyihalar va metodik materiallar — darsliklar, dasturlar, videoqo‘llanmalar ishlab chiqish;
– qo‘shma ilmiy-amaliy seminarlar, master-klasslar va konferensiyalar o‘tkazish;
– innovatsion texnologiyalarni mashg‘ulot jarayoniga va iqtidorli yoshlarni saralash tizimiga joriy etish;
– milliy va yoshlar terma jamoalarining o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarida kompleks ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish;
– xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shu jumladan mutaxassislarning xorijda malaka oshirishini yo‘lga qo‘yish.
Memorandum besh yil muddatga tuzilgan bo‘lib, tomonlarning o‘zaro manfaatdorligi mavjud bo‘lsa, avtomatik tarzda uzaytiriladi. Ushbu hujjat regbi bo‘yicha ilmiy bazani mustahkamlash hamda xalqaro standartlarga javob beradigan yuqori malakali sportchilarni tayyorlash yo‘lida muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.
