Toshkentda ilk “CASA Rugby 7s Championship” bo‘lib o‘tdi

Toshkentda ilk “CASA Rugby 7s Championship” bo‘lib o‘tdi

2026-yil 16–17-may kunlari Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligining Markaziy sport majmuasi bazasida tarixda ilk bor “CASA Rugby 7s Championship” xalqaro turniri yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur musobaqa Markaziy va Janubiy Osiyo Regbi Alyansi — “CASA” tashabbusi doirasida o‘tkazilib, “Asia Rugby” hamda “World Rugby” tomonidan rasman qo‘llab-quvvatlandi. Turnirning xalqaro regbi tashkilotlari tomonidan qo‘llab-quvvatlangani mintaqada regbini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarning muhim e’tirofi bo‘ldi.

“CASA” Alyansi Markaziy va Janubiy Osiyo davlatlari regbi ittifoqlarini yagona platformada birlashtirib, sport orqali mintaqaviy hamkorlikni mustahkamlash, tajriba almashinuvini rivojlantirish hamda milliy terma jamoalar uchun muntazam va raqobatbardosh musobaqa muhitini yaratishni maqsad qilgan.

Turnirda jami 12 ta milliy terma jamoa — 6 ta erkaklar va 6 ta ayollar jamoasi ishtirok etdi.

Ikki kun davom etgan musobaqa davomida muxlislar yuqori tempdagi, murosasiz va tomoshabop uchrashuvlarga guvoh bo‘lishdi. Turnir nafaqat sport musobaqasi, balki Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi sport diplomatiyasi, do‘stlik va hamkorlikni mustahkamlovchi muhim platformaga aylandi.

Qais Al Dalaiy o‘z nutqida “CASA” tashabbusi Osiyoda hududiy sport hamkorligini rivojlantirishning yorqin namunasi ekanini, shuningdek, a’zo federatsiyalar uchun yanada ko‘proq xalqaro o‘yin amaliyoti va musobaqa imkoniyatlarini yaratishini ta’kidladi.

O‘zbekiston regbi federatsiyasi bosh kotibi hamda “CASA” ittifoqi asoschilaridan biri Qahramon Jalilov ilk chempionatning Toshkent shahrida o‘tkazilishi O‘zbekiston uchun katta sharaf ekanini hamda mamlakatda regbining rivojlanib borayotgan salohiyatini namoyish etishini qayd etdi.

Musobaqa yakunlariga ko‘ra g‘olib va sovrindorlar quyidagicha aniqlandi:

Erkaklar:
1-o‘rin — Shri-Lanka
2-o‘rin — Hindiston
3-o‘rin — O‘zbekiston
4-o‘rin — Pokiston
5-o‘rin — Mo‘g‘uliston
6-o‘rin — Qirg‘iziston

Ayollar:
1-o‘rin — Shri-Lanka
2-o‘rin — Qozog‘iston
3-o‘rin — O‘zbekiston
4-o‘rin — Hindiston
5-o‘rin — Mo‘g‘uliston
6-o‘rin — Qirg‘iziston

Musobaqaning tantanali yopilish marosimida “CASA” asoschilaridan biri va O’zbekiston Regbi Federatsiyasi Bosh kotibi Qahramon Jalilov. O‘zbekiston Regbi federatsiyasi Raisi Sodiq Safoyev, O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vaziri o‘rinbosari Alisher Narbayev, O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi boshqaruvi direktori Sayyora Ayupova, “World Rugby”ning Osiyo bo‘yicha mintaqaviy hamkorlik menejeri Ridzal Saat, Asia Rugby bosh ijrochi direktori Benjamin van Ruyen ishtirok etdilar.

Turnir quyidagi hamkor tashkilotlar va sponsorlar ko‘magida tashkil etildi:

— O‘zbekiston Respublika tovar-xomashyo birjasi
— Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti
— O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi
— O‘zbekiston Respublikasi Sport vazirligi
— O‘zbekiston Respublikasi Milliy Olimpiya qo‘mitasi
— “Avid Sports”
— “Gordone”
— “World Rugby”
— “Asia Rugby”
— O‘zbekiston Regbi federatsiyasi

“CASA Rugby 7s Championship” turniri mintaqaviy regbi taqvimidagi muhim xalqaro sport tadbirlaridan biriga aylanib, regbining ommalashuvi, xalqaro sport hamkorligining kengayishi hamda yoshlarni sportga faol jalb etishda muhim qadam bo‘ldi.