Joriy yilning 1 aprel kuni Oliy Majlis Senati binosida O’zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 29 oktyabrdagi «O’zbekiston Respublikasida regbi sport turini rivojlantirish chora-tadbirlari to’g’risida»gi PQ-4500-sonli Qarorining ijrosi bo’yicha yig’ilish o’tkazildi.
Yig’ilishni O’zbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati raisning birinchi o’rinbosari, O’zbekiston regbi federasiyasi raisi S.Safoev olib bordi. Yig’ilishda sportni rivojlantirish vazirligi, Mudofaa vazirligi, Markaziy harbiy sport klubi, Milliy Olimpiya qo’mitasi, Respublika tovar-xom ashyo birjasi, Oliy va o’rta-maxsus ta’lim vazirligi, talabalar sporti assosiasiyasi, O’zbekiston Milliy universiteti, Sport o’yinlari bo’yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi hamda federasiya rahbari va mas’ullari ishtirok etdi.
Mazkur yig’ilishida vazirlik, idora va tashkilotlarning ma’sullari bilan birgalikda mamlakatimizda regbini rivojlantirish bo’yicha qabul qilingan Prezident Qarorining ijrosi, Frantsiya davlatida regbi-7 bo’yicha o’tkazilishi rejalashtirilgan harbiylar o’rtasidagi jaxon chempionatida O’zbekiston erkaklar va ayollar milliy terma jamoalarining ishtirokini ta’minlash hamda mamlakatimizda regbi sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish uchun zarur bo’lgan qo’shimcha chora-tadbirlar bo’yicha taklif va qo’shimchalar muhokama qilindi.
Yig’ilish yakunida Prezident Qarorining har bir bandi bo’yicha alohida tahliliy ma’lumot, harbiylar o’rtasida o’tkaziladigan Jahon chempionatiga puxta tayyorgarlik ko’rish rejasi, milliy terma jamoa sportchilari uchun moddiy-texnik bazani mustahkamlash hamda yoshlar o’rtasida regbi sport turini yanada ommalashtirish bo’yicha mas’ullarga vazifalar belgilandi.
O‘zbekiston regbi federatsiyasi matbuot kotibi M. Abdumalikova