Erishilgan sport natijalari hududlardagi umumiy holatni koʼrsatib berdi

Erishilgan sport natijalari hududlardagi umumiy holatni koʼrsatib berdi

Erishilgan sport natijalari hududlardagi umumiy holatni koʼrsatib berdi

Yoshlar siyosati va sport vazirligi tizim tashkilotlarining mutasaddilari, Milliy va Paralimpiya qoʼmitalari rahbarlari ishtirokida davom etayotgan hayʼat yigʼilishida xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz muvafaqqiyatli ishtirokini tashkil etish boʼyicha juda koʼp masalalar borligi bildirildi.

Maʼlumki, joriy yil iyul-avgust oylarida “Universiada” oʼyinlari, avgustda MDH oʼyinlari va sentabr-oktabr oylarida yozgi Osiyo va Para Osiyo oʼyinlari boʼlib oʼtdi.

Osiyo oʼyinlarida sportchilarimiz 20 ta sport turidan jami 71 ta (22 ta oltin, 18 ta kumush, 31 ta bronza) medal qoʼlga kiritib, Oʼzbekistonning Osiyo oʼyinlaridagi rekordini yangiladi.

Osiyo oʼyinlari tarixida Oʼzbekiston sport delegatsiyasi ilk bor qilichbozlik sport turining sablya yoʼnalishida ayollar jamoaviy dasturi va dzyudochi ayollar oʼrtasida oltin, ayollar kurashi va boksi boʼyicha bronza medallari qoʼlga kiritildi.

Futbol boʼyicha erkaklar jamoasi 29 yildan soʼng bronza, oʼq otish sport turining aralash jamoaviy dasturida sportchilarimiz 25 yildan soʼng kumush, karate WKF sport turida 17 yildan soʼng oltin medallarga ega chiqdi.

Para Osiyo oʼyinlari tarixida Oʼzbekiston sport delegatsiyasi birinchi marta para kanoe, para akademik eshkak eshish, para taekvondo, para velosport va para shaxmat kabi sport turlaridan musobaqalarda ishtirok etib, yuqori natijalarga erishdi.

Birgina para kanoe boʼyicha ishtirok etgan 6 nafar sportchimizning barchasi oltin medalni qoʼlga kiritdi va bu bilan Para Osiyo oʼyinlari rekordini oʼrnatdi.
Mana shu kompleks musobaqalarning oʼzi ham qaysi hududda sport muhiti qanday ekanligini koʼrsatib berganligi bilan ahamiyatli ekanligi hayʼat yigʼilishi davomida bildirib oʼtildi.
Xususan, bu yilgi kompleks musobaqalar natijalari hududlar kesimida tahlil qilinganda Samarqand yetakchilik qilgan boʼlsa, eng past koʼrsatkich Jizzax (qoʼlga kiritilgan jami 10 ta medaldan 1 tasi oltin)
va Namangan viloyatlariga (jami 12 ta medaldan 1 tasi oltin) toʼgʼri kelmoqda.
Yoki, joriy yilning bugungi kuniga qadar oʼtkazilgan kompleks va boshqa nufuzli xalqaro musobaqalarda sportchilarimiz qoʼlga kiritgan jami 394 ta medallarda eng kam ulush Jizzax, Navoiy va Surxondaryo (3%dan) viloyatlari hisobiga toʼgʼri kelmoqda.

Xuddi shunday, 13 ta olimpiya sport turlari boʼyicha oʼtkazilgan jahon chempionatlari alohida olib qaralganda, 61 ta medal qoʼlga kiritilgan. Lekin, mazkur musobaqalarda Qashqadaryo viloyati birorta ham medal qoʼlga kirita olmagan, shuningdek Navoiy viloyati 1 dona bronza medali bilan kifoyalangan.

Manba: https://minsport.uz/