World Rugby regbi-7 bo‘yicha Jahon seriyasining yangi formatini rasman taqdim etdi

Yangi mavsum tuzilmasi tejash imkonini beradi va rivojlanayotgan regbi davlatlariga bir yil ichida elita safiga chiqish uchun imkon yaratadi
World Rugby regbi-7 bo‘yicha Jahon seriyasi turnirlarining yangilangan tuzilmasini taqdim etdi. Bu tuzilma uzoq muddatli moliyaviy barqarorlikni ta’minlash va 2028-yilda Los-Anjelesda bo‘lib o‘tadigan Olimpiya o‘yinlari arafasida regbi-7 sportining global rivojlanishiga xizmat qiladi.
2026-yildan boshlab Jahon seriyasining oliy divizionida sakkizta erkaklar va sakkizta ayollar jamoasi qoladi. Ular olti bosqichda ishtirok etadi.
Erkaklar elita guruhida Argentina, Janubiy Afrika, Frantsiya, Buyuk Britaniya, Fidji, Ispaniya, Avstraliya va Yangi Zelandiya jamoalari ishtirok etadi. Ayollar safida esa Yangi Zelandiya, Kanada, Yaponiya, Avstraliya, Buyuk Britaniya, Frantsiya, AQSh va Fidji jamoalari bor.
Ikkinchi divizionda har ikkala toifada olti jamoa qatnashadi va ular uch bosqichda o‘ynaydi. Challenger seriyasi esa Jahon seriyasining uchinchi pog’onasi bo‘lib, u yerda mintaqaviy saralash orqali tanlab olingan sakkiztadan jamoa qatnashadi.
Oliy diviziondagi sakkizta jamoa bilan birga, ikkinchi pog‘onadan yana to‘rttadan jamoa Championship seriyasiga yo‘llanma oladi. Ushbu uch bosqichli seriya yakunlariga ko‘ra regbi-7 bo‘yicha jahon chempioni aniqlanadi. Hozirda esa chempion yagona final bosqichi natijalariga ko‘ra aniqlanadi.
Bu model muhim manfaatdor tomonlar bilan uzoq maslahatlashuvlardan so‘ng ishlab chiqilgan. U mintaqaviy saralashlardan boshlab Championship seriyasigacha uzluksiz tizimni ta’minlaydi. Rivojlanayotgan davlatlar bor-yo‘g‘i bir mavsumda elitaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
World Rugby har yili regbi-7 rivoji uchun 10 million funt sterling sarmoya kiritadi, bu mablag‘ning katta qismi jamoalarning xarajatlarini qoplashga yo‘naltiriladi. World Rugby’ning regbi-7 bo‘yicha bosh menejeri Sem Pinderning aytishicha, yangi model tizimni barqarorroq qiladi, turnir imkoniyatlarini kengaytiradi, raqobatni oshiradi va mavsumni rejalashtirishni yengillashtiradi.
Manba: rugger.info
