Andijonda regbi bo‘yicha chempionat bo‘lib o‘tdi

Andijonda regbi bo‘yicha chempionat bo‘lib o‘tdi

Andijon viloyatida regbi bo‘yicha mintaqaviy chempionat va harbiy qismlar bilan hamkorlikni rivojlantirish

Andijon viloyatida sport muassasalari va harbiy tuzilmalar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda olimpiya sport turlarini rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan muvofiqlashtiruvchi yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Mazkur yig‘ilishda viloyat sport boshqarmasi, Sharqiy harbiy okrug qo‘mondonligi hamda Andijon harbiy garnizoni vakillari ishtirok etdilar.

Muhokama qilingan asosiy masalalar qatorida sport maktablarining istiqbolli sportchilarini harbiy qismlarga ishga joylashtirish, musobaqalarni muntazam o‘tkazish, shuningdek, harbiy xizmatchilar ishtirokida olimpiya sport turlari, jumladan, regbi bo‘yicha qo‘shma o‘quv-mashg‘ulot yig‘inlarini tashkil etish masalalari bo‘ldi.

Erishilgan kelishuvlar doirasida Andijon viloyatida erkaklar o‘rtasida regbi bo‘yicha viloyat chempionati muvaffaqiyatli o‘tkazildi.
Musobaqalar Andijon davlat universiteti bazasida o‘tkazilib, ularda viloyatdagi sport muassasalari sportchilari hamda korxona va tashkilotlar xodimlari ishtirok etdilar.

Turnir yakunlariga ko‘ra:
1-o‘rin — 14014-harbiy qism jamoasi
2-o‘rin — Andijon terma jamoasi
3-o‘rin — Qurg‘ontepa tumani jamoasi

G‘olib va sovrindor jamoalar viloyat sport hamda regbi bo‘limlari tomonidan faxriy yorliqlar bilan taqdirlandilar. Musobaqa natijalariga asosan eng yaxshi sportchilardan, jumladan harbiy qismlar vakillaridan iborat viloyat terma jamoasi shakllantiriladi. Ushbu jamoaning asosiy maqsadi — yaqinlashib kelayotgan respublika musobaqalarida ishtirok etish va g‘alabaga erishish bo‘ladi.