20 daqiqalik qizil kartochkaning taqdiri kelasi oyda hal bo‘ladi

Yaqinlashib kelayotgan World Rugby kengashida bahsli qoida joriy etilishi bo‘yicha ovoz berish bo‘lib o‘tadi
Super Rugbyda ilk bor sinab ko‘rilgan yangilik, an’anaviy doimiy chetlatishdan farqli o‘laroq, chetlatilgan o‘yinchini 20 daqiqadan so‘ng almashtirish imkonini beradi.
Bu g‘oya turli fikrlarni keltirib chiqardi. Frantsiya va Irlandiya bunga qarshi chiqmoqda, ular oddiy qizil kartochkani xavfsizlikni ta’minlash va qo‘pol o‘yinni jilovlash chorasi sifatida muhim deb hisoblaydi. Ularning fikricha, jazoni yumshatish bosh miya jarohatlarini kamaytirish bo‘yicha qilinayotgan harakatlarga putur yetkazishi mumkin.
Shu bilan birga, Janubiy yarimshar davlatlari — Janubiy Afrika, Yangi Zelandiya va Avstraliya bu tashabbusni qo‘llab-quvvatlamoqda. Ularning aytishicha, vaqtinchalik chetlatish raqobat muvozanatini saqlaydi va bilmasdan sodir etilgan qoida buzilishi uchun yetarli jazo hisoblanadi.
Agar qoida ma’qullansa, u joriy yilda kuchga kiradi, jumladan ayollar o‘rtasidagi Jahon Kubogida ham qo‘llaniladi. World Rugby bu jazo shakli joriy etilganda o‘yinlarning tomoshabopligi va raqobatbardoshligi saqlanib qolishiga doir ishonchli ma’lumotlar yig‘ilganini ta’kidladi.
Manba: rugger.info
