O‘zbekiston Milliy Universitetida World Rugby tizimida ta’lim bo‘yicha seminar bo‘lib o‘tdi
23-aprel kuni O‘zbekiston Milliy universitetining “Taekvondo va sport faoliyati” kafedrasida “Regbi” yo‘nalishi talabalariga mo‘ljallangan o‘quv seminari tashkil etildi. Tadbir World Rugby xalqaro tizimi doirasida mutaxassislar tayyorlash va ularning malakasini oshirish masalalariga bag‘ishlandi.
Seminarda quyidagi mutaxassislar ishtirok etdilar:
– Anatoliy Shirov – Asia Rugby’ning Markaziy Osiyoda regbi rivoji bo‘yicha maslahatchisi,
– Egor Lebed – O‘zbekistondagi GIR-koordinatori,
– Mirzoxid Rahmatillayev – kafedra dotsenti.
Seminar davomida ishtirokchilarga regbida xalqaro ta’lim tizimining tuzilmasi, ushbu sohada o‘sish va martaba imkoniyatlari – o‘yinchidan murabbiy, hakam, World Rugby o‘qituvchisi, klub yoki federatsiya rahbarigacha bo‘lgan yo‘l tushuntirildi. Ayniqsa, jarohatlarning oldini olish masalalari va World Rugby tomonidan ishlab chiqilgan Activate dasturiga alohida e’tibor qaratildi.
Egor Lebed World Rugby Passport tizimida yangi foydalanuvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish jarayonini va onlayn-modullarni o‘zlashtirish bosqichlarini batafsil tushuntirdi. Shuningdek, u raqamli formatda uzluksiz o‘rganish va sertifikatlashning ahamiyatini ta’kidladi.


Anatoliy Shirov Markaziy Osiyo mamlakatlarida regbi bo‘yicha mutaxassislar tayyorlash statistikasi bilan o‘rtoqlashdi hamda kasbiy rivojlanishning uzoq muddatli modeli haqida so‘z yuritdi. Shuningdek, zamonaviy brauzerlar yordamida kontentni o‘zbek tiliga tarjima qilish imkoniyatlari bilan birga, o‘quv-metodik materiallarni mahalliylashtirish bo‘yicha olib borilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berdi.
Seminarning amaliy qismida talabalar:
– veb-kontentni o‘zbek tiliga avtomatik tarjima qilish sozlamalarini mustaqil amalga oshirdilar,
– World Rugby Passport tizimida ro‘yxatdan o‘tdilar,
– “Regbiga tayyorgarlik” onlayn kursini o‘rganishni boshladilar.




Mazkur seminar milliy sport tizimi va World Rugby xalqaro platformasi o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashda muhim qadamlardan biri bo‘ldi hamda talabalar uchun regbi sohasida kasbiy rivojlanish imkoniyatlarini kengaytirdi.
