Yangi Toshkentda zamonaviy stadioni qurilishi boshlandi

11-noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev Yangi Toshkent shahrida barpo etiladigan zamonaviy futbol stadionining poydevoriga birinchi tosh qo‘yish marosimida ishtirok etdi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston futbolida tub o‘zgarishlar amalga oshirildi — milliy chempionatlar tizimi yangilandi, yoshlar akademiyalari tashkil etildi, mamlakat bo‘ylab 75 ta yirik va 300 dan ortiq mini-stadion barpo etildi. FIFA va OFK talablariga javob beradigan maydonlar soni esa 3 tadan 10 tadan oshdi.
Bugun 65 mingdan ortiq yosh futbolchi ixtisoslashgan maktablarda mashg‘ulot olib bormoqda, ularning tayyorgarligiga xorijiy murabbiylar va mutaxassislar jalb etilgan. Umuman, futbol bilan shug‘ullanayotgan o‘quvchilar soni 1 milliondan oshgan.







“Parijdagi Olimpiadada ilk bor ishtirok etdik, milliy terma jamoamiz jahon chempionatiga yo‘llanma oldi, 17 yoshgacha bo‘lganlar esa Osiyo chempioni sifatida Qatarda ishtirok etmoqda”, — dedi Prezident.
Bugun 20 nafar o‘zbekistonlik futbolchi nufuzli xorijiy klublarda to‘p surmoqda. Abduqodir Husonov esa Osiyodagi eng qimmat futbolchi sifatida e’tirof etilgan.
FIFA Prezidenti Janni Infantino O‘zbekistonda futbolga berilayotgan e’tibor va yaratilgan infratuzilmani yuqori baholab, mamlakatimizni Osiyoning futbol grandlari qatorida ekanini ta’kidladi.
FIFA Kengashining 2-oktabrdagi qaroriga ko‘ra, 2027-yilgi U-20 jahon chempionati O‘zbekiston va Ozarbayjonda o‘tkaziladi. Final uchrashuvi Yangi Toshkentdagi 50 ming o‘rindiqli stadionda bo‘lib o‘tadi.
“Bugun poydevorini qo‘yayotgan stadion — bu kelajakdagi g‘alabalarimiz poydevoridir. U yoshlarimiz uchun faxr va ilhom manbai bo‘ladi”, — dedi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Loyiha qiymati 100 million dollarni tashkil etadi. Stadion “yashil energiya” va “aqlli boshqaruv” tamoyillariga asoslangan holda barpo etilib, nafaqat musobaqalar uchun, balki butun mamlakat futboli taraqqiyotining drayveriga aylanadi.
Marosim yakunida Prezident poydevorga kapsula qo‘ydi va qurilish ishlariga rasmiy start berdi.
