Joriy yilning 17-iyul kuni O‘zbekiston regbi federatsiyasi bosh kotibi Qahramon Jalilov tomonidan Samarqand viloyati Tayloq tumani hokimligi hamda Tayloq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Uchrashuv davomida quyidagi asosiy masalalar ko‘rib chiqildi:
- joriy yilning 7-aprel kuni davlatimiz rahbari raisligida jismoniy tarbiya va sport sohasini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish, sportni keng ommalashtirish hamda seleksiya va tayyorgarlik tizimini takomillashtirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlar ijrosini ta’minlash;
- Samarqand viloyatida regbi sport turini yanada rivojlantirish va ommalashtirish;
- 2026/2027 o‘quv yilida Tayloq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazida “Regbi” bo‘limi uchun kvotalar ajratish hamda iqtidorli yosh sportchilarni qabul qilish.
Shuningdek, Tayloq tumani hokimligida tuman hokimi Behzod Rahmatullayev rahbarligida yig‘ilish o‘tkazilib, tumanda yoshlarni regbi sport turiga keng jalb etish va ular o‘rtasida regbi bo‘yicha musobaqalarni tashkil etish masalalari muhokama qilindi.
Yig‘ilish davomida Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati, tadbirkor Akbar Qayumov mamlakatimizda regbi sport turini yanada rivojlantirish maqsadida 2027-yildan boshlab regbi-7 musobaqalarini “Prezident Olimpiadasi” hamda “Yangi O‘zbekistonning Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalari dasturiga kiritish taklifini ilgari surdi.
Tadbirda Xalq deputatlari Samarqand viloyati Kengashi deputati Akbar Qayumov, Samarqand viloyati sport boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Berdiqulov hamda Tayloq Olimpiya va paralimpiya sport turlariga tayyorlash markazi direktori Ortiq Ochilov ishtirok etdilar.




