Toshkent viloyatida o‘quv-seminar o‘tkazildi

Toshkent viloyatida o‘quv-seminar o‘tkazildi

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi va uning filiallari tomonidan Jismoniy tarbiya va sport sohasiga oid qabul qilingan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmon va qarorlari hamda Vazirlar Mahkamasining qarorlari mazmun-mohiyati va ahamiyatini tushuntirish, soha mutaxassislari huquqiy savodxonligini oshirish bo‘yicha o‘quv-treninglar o‘tkazilmoqda.

Jismoniy tarbiya va sport bo‘yicha mutaxassislarni ilmiy metodik taʼminlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirish markazi professor-o‘qituvchilari tomonidan Toshkent viloyati Nurafshon shahrida viloyatdagi sport maktablari direktorlari, ularning o‘rinbosarlari, bo‘lim boshliqlari ishtirokida seminar trening o‘tkazildi.

Tadbirda markazning professor-o‘qituvchilari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020-yil 29-dekabrdagi Oliy Majlisga murojaatnomasi, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qaror va farmonlari mazmun va mohiyatini hamda belgilangan vazifalar haqida maʼlumotlar berishdi.

Farmon va qarorlarda mamlakatda yuksak madaniyatga ega bo‘lgan har tomonlama yetuk hamda jismonan sog‘lom insonni shakllantirish maqsadida, aholining jismoniy tarbiya va sport sohasida malaka va bilimlarini orttirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni belgilash, iqtidorli sportchilarni tanlab olish (seleksiya) jarayoniga innovatsion shakllar va usullarni joriy etish, jismoniy tarbiya va ommaviy sport bilan muntazam shug‘ullanish hamda sog‘lom turmush tarzi bo‘yicha hayotiy ko‘nikmalarni shakllantirish orqali har bir fuqaroda kasallikka qarshi kuchli immun tizimi paydo bo‘lishini taʼminlash, zararli odatlardan voz kechish, to‘g‘ri ovqatlanish tamoyillariga amal qilish, tiklash va reabilitatsiya ishlari hamda ommaviy jismoniy faollik tadbirlarini tizimli va samarali tashkil qilish to‘g‘risida tinglovchilarga tushuntirishlar berildi.

Shu bilan birga, buyuk ajdodlarimizdan meros qolgan kurash sportining boy anʼanalari va qadriyatlarini kelajak avlodlarga yetkazish, o‘zbek sporti brendi nomi bilan kurashning jahon arenasidagi rolini oshirish, yoshlarning milliy sportimizga bo‘lgan qiziqishlarini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish orqali ularda vatanparvarlik tuyg‘usini yana-da mustahkamlash, aholining barcha qatlamlari, ayniqsa, yoshlarning, shuningdek, jahon xalqlarining mazkur sport turi bilan shug‘ullanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish maqsadlari haqida, mamlakatimizda shaxmatni aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish va uni ommaviy sport turiga aylantirish, o‘sib kelayotgan yosh avlodning intellektual va madaniy rivojlanishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish, yuqori iqtidorga ega bo‘lgan yoshlarni tanlash, saralab olish va ularni professional sportchilar, kurashchilar, shaxmatchilar va xalqaro grossmeysterlar sifatida tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish, shuningdek qishki sport turlarini ommalashtirish va rivojlantirish borasida bir qator qo‘shimcha chora-tadbirlar ko‘rish zarurligi taʼkidlandi.

Manba: Minsport.uz

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan