Regbi-7 bo‘yicha Buxoro talabalari jamoalari Universiadaga tayyorgarlikni boshladi
Buxoro shahrida Buxoro davlat universiteti sport klubi bazasida regbi-7 bo‘yicha ayollar va erkaklar jamoalari tashkil etildi. Erkaklar jamoasi murabbiyi etib Manuchahr Ibragimov tayinlandi – Buxoro davlat universiteti sport faoliyati kafedrasi dotsenti, ayollar murabbiyi esa G‘olibjon Saidov – Buxoro davlat pedagogika instituti “Jismoniy tarbiya nazariyasi va metodikasi” kafedrasi o‘qituvchisi bo’ldi. Jamoalar basketbol, qo‘l to‘pi, kurash, yengil atletika, jang san’ati kabi sport turlari bo‘yicha sport tajribasiga ega talabalardan tuzilgan.
Buxoro davlat universiteti sport klubi tashabbusi bilan regbi bo‘yicha O‘zbekiston yoshlar terma jamoasi murabbiyi Yegor Lebed tajriba almashish uchun Toshkentdan taklif etildi.
Besh kun davomida jamoalar va murabbiylar bilan regbi mashg‘ulotlari o‘tkazildi. Mashg’ulotlar davomida regbi o’yinining asosiy tamoyillari va qoidalari haqida nazariy bilimlar berildi, asosiy omillar tushuntirildi, shuningdek, harakatda to‘pni uzatish va ushlash, aylana va chiziqda o‘ynash, himoya va hujumda o‘ynash xususiyatlari bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar o’tildi.
Har kuni darslar Touch Rugby o’yini bilan yakunlandi. O‘yinlardan so‘ng har bir o‘yinchining maydondagi harakatlari, yo‘l qo‘ygan xatolari va ularni tuzatish choralari haqida fikr-mulohazalar bildirildi. Jamoalar murabbiylari bilan bo‘lajak musobaqalarga tayyorgarlik ko‘rish maqsadida mashg‘ulotlar rejasi tuzildi.