Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag’ishlangan turnir natijalari

Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag’ishlangan turnir natijalari

U-15 qizlar o‘rtasida Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag‘ishlangan regbi-7 bo‘yicha respublika turniri yakunlandi.

27-28 fevral kunlari Toshkent shahridagi yengil atletika va o‘yin sportiga ixtisoslashtirilgan sport maktabi stadionida regbi-7 bo‘yicha 15 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida an’anaviy respublika turniri bo‘lib o‘tdi. Turnir Respublika tovar-xomashyo birjasi “UzEx” aksiyadorlik jamiyati va O‘zbekiston regbi federatsiyasi tashabbusi, Sport vazirligi hamda Olimpiya qo‘mitasi ko‘magida tashkil etildi.

Respublika turnirida Toshkent shahri, Navoiy, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Farg‘ona, Namangan, Xorazm, Sirdaryo, Surxondaryo, Toshkent, Andijon va Buxoro viloyatlari jamoalari ishtirok etdi. Turnir World Rugby qoidalariga muvofiq o’tkazildi.

Turnir yakuniga ko‘ra jamoalar quyidagi o‘rinlarni egalladi:

  • 1-o’rin – Namangan
  • 2-o’rin – Toshkent viloyati
  • 3-o’rin – Xorazm
  • 4-o’rin – Amudaryo
  • 5-o’rin – Sirdaryo
  • 6-o’rin – Nukus
  • 7-o’rin – Andijon
  • 8-o’rin – Surxondaryo
  • 9-o’rin – Navoiy
  • 10-o’rin – Buxoro
  • 11-o’rin – Toshkent
  • 12-o’rin – Farg’ona

Ushbu turnir g‘olib va ​​chempionlari medal va diplomlar bilan taqdirlandi, barcha ishtirokchilarga UzEx tovar-xomashyo birjasi hamda O‘zbekiston regbi federatsiyasining qimmatbaho sovg‘alari topshirildi.

Mazkur musobaqaning asosiy vazifalari O‘zbekistonda ayollar o‘rtasida regbini rivojlantirish, ushbu sport turini yoshlar o‘rtasida ommalashtirish, shuningdek, sportchi qizlarning mahorat saviyasi va malakasini oshirish, yoshlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, mamlakatimizda regbini rivojlantirish va ommalashtirish, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 04.12.2024 yildagi PQ-421-sonli “Jamoaviy sport turlarini rivojlantirish va iqtidorli yoshlarni saralash tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorini amalga oshirishdan iborat .